Telefonni qishga tayyorlash: 5 qadam

Telefonni qishga tayyorlash: 5 qadam

Surxondaryoda qish yumshoq keladi, lekin noyabr oxiridan ertalabki harorat nolga tushadi. Telefon uchun bu sezilarli farq: batareyaning kimyosi sovuqda sekinlashadi va bir xil zaryad bilan telefon kamroq ishlaydi. Quyida — sovuq boshlanishidan oldin qilib qo'yiladigan beshta ish.

1. Batareya holatini bilib oling

iPhone'da Sozlamalar → Batareya → Batareya holati bo'limida sig'imning foizi yozilgan. Android'da bu ko'rsatkich har doim ham ochiq turmaydi, lekin bitta amaliy sinov bor: telefonni to'liq quvvatlang va kun davomida kuzating. Agar kunduzi hech qanday og'ir ish qilmay turib zaryad yarmidan ko'pi ketsa, batareya eskirgan. Sovuqda bunday batareya birinchi bo'lib dast beradi — 20 foizda turgan telefon ko'chada birdan o'chib qoladi.

2. G'ilofni almashtiring

Yupqa silikon g'ilof yozda qulay, qishda esa foydasi kam. Sovuqda plastik va silikon qattiqlashadi, qo'lqop bilan ushlaganda telefon sirpanib ketadi. Qishga chetlari ko'tarilgan, ushlashi qattiqroq g'ilof oling. Agar telefoningiz tez-tez tushib ketadigan bo'lsa, burchaklari qalinlashtirilgan variantni so'rang — do'konda qo'lingizga olib ko'rish mumkin.

3. Quvvatlash odatini o'zgartiring

Sovuqdan kirgan telefonni darhol rozetkaga ulamang. Muzdek batareyani quvvatlash uning umrini qisqartiradi — ichkarida kondensat ham hosil bo'ladi. Telefon xona haroratiga kelsin, bu 15-20 daqiqa. Bu bitta odat batareyani butun qish davomida asraydi.

4. Powerbank'ni sumkaga soling

Qishda zaxira quvvat manbai yozdagidan ko'ra ko'proq kerak bo'ladi, chunki telefon sovuqda tezroq bo'shaydi. Muhimi — powerbank'ni tashqi cho'ntakda emas, ichki cho'ntakda yoki sumkada olib yuring: u ham sovuqda sig'imini yo'qotadi. Powerbank tanlash haqidagi maqolada sig'im va quvvat haqida batafsil yozilgan.

5. Zaxira nusxani yoqing

Qish — telefon ko'proq tushadigan va ko'proq yo'qoladigan fasl: qo'lqop, sirpanchiq yo'l, qalin kiyimning cho'ntagi. Zaxira nusxa yoqilgan bo'lsa, telefon bilan birga suratlar va kontaktlar ketmaydi. iPhone'da bu iCloud, Android'da Google hisobi. Bir marta yoqib qo'yasiz, keyin o'zi ishlaydi.

Qisqacha

  • Batareya sig'imini tekshiring — sovuqda eng zaif joy shu;
  • Qishga mos g'ilof oling;
  • Sovuqdan kirgan telefonni darhol quvvatlamang;
  • Powerbank'ni issiq joyda olib yuring;
  • Zaxira nusxani yoqib qo'ying.

Batareyasi eskirgan telefon qishda baribir qiynaydi. Almashtirish haqida o'ylayotgan bo'lsangiz, Trade-in bo'limida eskisini baholab ko'ring yoki bugungi narxlar bilan tanishing.

Ulashish