Bugungi telefonlarning deyarli hammasida ikkita SIM uyasi bor. Lekin ko'pchilik ularni to'g'ri sozlamaydi va keyin «noto'g'ri raqamdan qo'ng'iroq ketdi» degan muammoga duch keladi.
Birinchi sozlash
Ikkala kartani solgandan keyin Sozlamalar → SIM-kartalar bo'limiga kiring va uchta narsani belgilang:
- Internet uchun qaysi karta ishlatiladi;
- Qo'ng'iroqlar uchun asosiy karta — yoki «har safar so'rash»;
- SMS uchun asosiy karta.
Shu yerda kartalarga nom ham bering: «Ish» va «Shaxsiy» deb yozib qo'ysangiz, qo'ng'iroq qilayotganda qaysi biri ishlayotgani darhol ko'rinadi.
Eng foydali sozlama
Qo'ng'iroq uchun «har safar so'rash» ni tanlang. Shunda telefon har qo'ng'iroqda qaysi raqamdan qilishni so'raydi — bu bir soniya oladi, lekin ish raqamidan shaxsiy qo'ng'iroq ketishining oldini oladi.
Alohida kontaktlarga doimiy karta biriktirish ham mumkin: kontaktni ochib, tahrirlashdan «SIM» ni tanlang.
Internet qaysi kartada bo'lishi kerak
Qaysi operator sizning hududingizda yaxshi ishlasa — o'shanda. Termiz va tumanlarda qoplama turlicha bo'lishi mumkin, shuning uchun ikkala kartani bir-ikki hafta sinab ko'ring va tezlikni solishtiring. Internet kartasini almashtirish bir necha bosishda bo'ladi.
Batareya masalasi
Ikkita karta bir vaqtda tarmoqni qidirsa, batareya tezroq tugaydi. Ayniqsa ikkinchi kartada signal zaif bo'lsa — telefon uni doimiy qidirib, quvvat sarflaydi. Agar ikkinchi raqam kamdan-kam kerak bo'lsa, uni vaqtincha o'chirib qo'ying: xuddi shu sozlamalar bo'limidan.
Xotira kartasi bilan bir uyada
Ko'p telefonlarda lotok «gibrid» bo'ladi: yo ikkinchi SIM, yo xotira kartasi. Ikkalasi bir vaqtda sig'maydi. Telefon tanlayotganda buni oldindan tekshiring — agar ikkala raqam ham, qo'shimcha xotira ham kerak bo'lsa, ichki xotirasi kattaroq modelni oling.
eSIM nima
eSIM — telefon ichiga o'rnatilgan, jismoniy karta talab qilmaydigan SIM. Operator QR-kod beradi, siz uni skanerlaysiz va raqam ishlay boshlaydi. Barcha telefonlarda ham, barcha operatorlarda ham mavjud emas — xarid oldidan tekshiring.
Qaysi modellarda ikkita to'liq SIM uyasi borligini mahsulot sahifalaridan ko'rishingiz mumkin. Ro'yxat — narxlar jadvalida; aniqlashtirish kerak bo'lsa do'konga kiring, lotokni ochib ko'rsatamiz.